Joriy yilning 20-iyul kuni Navoiy viloyati statistika boshqarmasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” bosh g‘oyasi asosida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma rahbariyati, tarmoq bo‘limlari boshliqlari hamda xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirga Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti O‘zbek va chet tillar kafedrasi dotsenti Akmal Tursunov taklif etildi.
Muloqot davomida Akmal Tursunov mamlakatimiz mustaqillik yillarida erishgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ochiqlik va yangilanish siyosatini izchil davom ettirish, aholi farovonligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mustaqilligimizning eng katta yutuqlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari uchun bildirilgan fikr va mulohazalar Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat hamda yurt ravnaqi yo‘lida mas’uliyat bilan mehnat qilish kabi muhim tushunchalarni yana bir bor yodga soldi.



