Joriy yilning 8-yanvar kuni Xalqaro press-klubda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-klub bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Z. Ziyayev, Mahallalar uyushmasi raisi o‘rinbosari J. Inagamov, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari A. Toshpo‘latov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari A. Mo‘minov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i J. Xolov, boshqa mas’ul shaxslar hamda jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgalik ishlari, tadbirning ahamiyati va mazmun-mohiyati, amalga oshirish bosqichlari, kutilayotgan natijalar va boshqa muhim mavzular yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda fuqarolarga census.stat.uz sayti orqali internet yordamida mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Ushbu jarayonda shaxsni identifikatsiya qilish OneID yagona identifikatsiya tizimi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolar o‘zlari hamda oila a’zolari haqidagi ma’lumotlarni elektron savolnomalar orqali mustaqil ravishda to‘ldirishlari mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi bosqichda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar — “mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan uyma-uy yurib ro‘yxatga olish ishlari olib boriladi.

Ro‘yxatga olish natijalari xalqaro standartlar asosida qayta ishlanib, mamlakatning demografik holati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va qishloq xo‘jaligi salohiyatini baholashda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu ma’lumotlar hududlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va davlat dasturlarini manzilli rejalashtirishda qo‘llaniladi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.



