15/08/2025

Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida oʻz ifodasini topadi. Dunyodagi har bir mamlakat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida muntazam ravishda aholini roʻyxatga oladi.

Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishda respondentlar soʻrovi quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

1-bosqich – Internet tarmogʻi orqali aholini roʻyxatga olish. Bunda respondentlar tashkil etilgan maxsus veb sayt orqali oʻzlari ixtiyoriy ravishda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin;

2-bosqich – Internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtgan respondentlar va ularning uy manzillari roʻyxatini shakllantirish;

3-bosqich – roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan uyma-uy yurib aholini roʻyxatga olish varagʻi shakllarini respondentlar bilan yuzma-yuz suhbat asosida planshet qurilmalari yordamida toʻldirish;

Quyidagilar axborot tizimiga qoʻyilgan talablar hisoblanadi:

- aholini roʻyxatga olish soʻrovnomalari shakllaridagi mavjud savollarni dasturiy tizimda shakllantirish;

- tizimga kiritilgan maʼlumotlarni mantiqiy nazorat orqali doimiy tekshirib borishini taʼminlash;

- aholini roʻyxatga olish varaqalarini kiritish va qayta ishlash boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimda yaratish;

- avtomatlashtirilgan tizimning shaxslar haqida axborot (STIR, pasport tizimi va hokazolar) olish uchun davlat organlari axborot resurslari bilan integratsiyasini taʼminlash;

- aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning shaxsiy maʼlumotlarini avtomatik qayta ishlash;

- shaxsiy maʼlumotlarni ruxsatsiz kirish, oʻgʻrilash, buzish yoki yoʻqotishlardan himoya qilish;

- maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash sharti bilan qoʻshimcha soʻrovlarni shakllantirish uchun shaxsiy boʻlmagan maʼlumotlar bazasiga ayrim tadqiqotchilarning belgilangan tartibda kirishini muvofiqlashtirish;

- aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishni boshqarishni taʼminlash;

- aholini roʻyxatga olish natijalarini olish boʻyicha dasturiy vositalar tayyorlanishini taʼminlash;

- maʼlumotlarni qayta ishlash, almashish jarayonlarini va ushbu jarayonini uslubiy qoʻllab-quvvatlashni monitoring qilinishini taʼminlash;

- manzillar, maʼlumotnomalar va tavsiflagichlar reestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni aktual holatda saqlash.

 

Eslatib oʻtamiz:

Roʻyxatga olish varaqalaridagi aholi toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar foydalanilishi cheklangan maxfiy axborot hisoblanadi, tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi va faqat statistik maqsadlarda qayta ishlanadi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech