13/02/2025

Joriy yilning 13- fevral kuni Navbahor tuman hokimligida “Statistikaning ijtimoiy hayotdagi o‘rni” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir tuman hokimligi Axborot xizmati, viloyat Statistika boshqarmasi Axborot xizmati va tuman statistika bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur anjumanda statistika sohasi mutaxassislari, mahalliy jurnalistlar, OAV xodimlari hamda tuman hokimligi mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida statistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, uning ishonchli ma’lumot manbai sifatidagi ahamiyati, shuningdek, davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarda statistik tahlillarning tutgan o‘rni haqida batafsil so‘z yuritildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda statistik ma’lumotlar nafaqat davlat boshqaruv organlari, balki tadbirkorlar, olimlar va keng jamoatchilik uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, statistik ma’lumotlarning ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilishi va uni tushunarli shaklda taqdim etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Matbuot anjumani davomida respublikamizda 2025-2026- yillarda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan aholini roʻyxatga olish tadbiri haqida ham batafsil toʻxtalib oʻtildi. Ishtirokchilarga roʻyxatga olishning tarixi va huquqiy-me’yoriy hujjatlarining  mazmun-mohiyati keng yoritib berildi va ushbu jarayonning samarali tashkil etilishi jamiyatning barcha sohalariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan statistika sohasini yanada rivojlantirish, ma’lumotlar sifatini oshirish va aholining statistik ma’lumotlardan keng foydalanishiga yo‘l ochish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi, aholining statistikaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va undan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech