Welcome to stat   Click to listen highlighted text! Welcome to stat Powered By GSpeech

Sayt test rejimida ishlamoqda

Jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat hokimiyatining barcha boʻgʻinlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bogʻliq. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-5017-son farmoyishiga muvofiq vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga (keyingi oʻrinlarda – “Ijro.gov.uz” tizimi) ulanishi taʼminlandi. 

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 800 dan ortiq qarorlari va topshiriqlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan test rejimida tizimli nazorat olib borilmoqda. 

Shu bilan birga, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, ayrim vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro intizomi nazoratini sifatli va samarali tashkil qilish, shuningdek, oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar hanuzgacha talab darajasida yoʻlga qoʻyilmayapti. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlariga rioya etish masalalarida masʼuliyatsizlik va rasmiyatchilik holatlari uchramoqda, jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi choralar samarasizligicha qolmoqda, ish yuritishning ichki jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmayapti, shuningdek, ijro intizomiga konservativ-buyruqbozlik bilan yondashilishiga yoʻl qoʻyilmoqda. 

Ijro intizomini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining ijrosi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida: 

1. Belgilansinki: 

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Ijro.gov.uz” tizimini doimiy asosda texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirishni taʼminlovchi ishchi organ hisoblanadi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari maxfiylik belgisi ostidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari maʼlumotlar bazasini yuritish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun masʼul; 

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi ommaviy axborot vositalarida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijro etilishi haqidagi jamoatchilik fikrini baholab borish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuraturasiga axborot kiritib borish uchun masʼuldir. 

2. “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ushbu nizomga muvofiq “Ijro.gov.uz” tizimida doimiy ishlashning tashkil qilinishini taʼminlasinlar. 

3. Belgilansinki: 

2019-yil 1-yanvardan boshlab respublika va hududlar darajasidagi majlis va yigʻilishlarni oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar bundan mustasno, faqatgina “Ijro.gov.uz” tizimidagi majlislar va yigʻilishlar maxsus markazlashgan maʼlumotlar bazasiga oʻtkazilayotgan tadbirning maqsadi, natijalari, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi koʻrsatilgan qaydlar kiritilganidan soʻng amalga oshiriladi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarida belgilangan ijro muddatlari faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgandan soʻng uzaytiriladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura bilan birgalikda majlislar va yigʻilishlarning “Ijro.gov.uz” tizimidagi markazlashgan maʼlumotlar bazasida qayd etilmagan holda oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Bosh prokuraturasiga: 

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining aniq amaliy natijalarga erishilishi taʼminlanmasdan turib, yuzaki bajarilishiga yoʻl qoʻymaslik; 

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijro holati toʻgʻrisida maʼlumotlarning “Ijro.gov.uz” tizimi orqali oʻz vaqtida taqdim etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijro holatini vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida har oyda muhokama qilinishini taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish; 

byurokratik toʻsiqlar va muammolarni hal etish muddatlarining choʻzilishi holatlarini bartaraf etish orqali vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijro etilishida doimiy ravishda koʻmaklashib borish vazifalari yuklansin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi: 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarini toʻliq va oʻz vaqtida bajarmagan, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali ijro holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻliq boʻlmagan holda, notoʻgʻri va kechiktirib taqdim etgan, buyruqbozlikka va masalalarni hal etishda muddat buzilishiga yoʻl qoʻygan vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritib borsin; 

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijrosi holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻliq boʻlmagan holda, notoʻgʻri va kechiktirib taqdim etgan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar koʻrish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritib borsin. 

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining taqdimnomalari va talablari bajarilmagan taqdirda tegishli materiallar javobgarlik choralarini koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari ijrosi yuzasidan aholi, senatorlar, deputatlar, tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazorati mexanizmining amalga oshirilishini taʼminlovchi “Jamoatfikri.uz” portalining tashkil etilishi va yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin. 

7. “Ijro.gov.uz” tizimi va “Jamoatfikri.uz” portalini tashkil etish, texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi: 

ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini “Ijro.gov.uz” tizimiga monitoring rejimida ulanishini taʼminlasin; 

ikki oy muddatda har bir davlat organi va tashkilotlarida, ularning hududiy boʻlinmalarida majlislar va yigʻilishlarni jismoniy shaxslar ishtirokisiz masofadan oʻtkazish imkonini beruvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha takliflar kiritsin; 

2018-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida mavjud elektron hujjatlar almashinuvi tizimlarining xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin; 

2019-yil 1-yanvarga qadar “Ijro.gov.uz” tizimida respublika va hududlar darajasida oʻtkaziladigan majlis va yigʻilishlar markazlashgan maʼlumotlar bazasini yaratsin va yoʻlga qoʻysin; 

2019-yil 1-iyulga qadar elektron hujjatlar almashinuvi tizimlarini “Ijro.gov.uz” tizimiga integratsiya qilish maqsadida yagona talablar, shuningdek, ushbu tizimning davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarning elektron hujjat almashinuvi tizimlari bilan muvofiqlashtirish boʻyicha integratsiyaviy shlyuz ishlab chiqilishini taʼminlasin. 

9. 2019-yil 1-yanvardan boshlab: 

davlat organlari va tashkilotlarida qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida roʻyxatga olish tartibi; 

qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari boʻyicha hisob kartotekalarining qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi bekor qilinsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari 

va topshiriqlari boʻyicha ijro intizomini nazorat qilish jarayonini, keyinchalik “Ijro.gov.uz” tizimi bilan integratsiya qilgan holda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini taʼminlasin. 

11. Belgilansinki, adliya organlari mahalliy ijro hokimiyati organlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanishi va kelishilishida amaliy yordam koʻrsatadilar. 

12. Quyidagilarga: 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (Aripov), uning oʻrinbosarlari (Ramatov, Qoʻchqorov, Xolmurodov, Sultonov, Otajonov, Abduhakimov, Mirzayev, Norboyeva), shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga (Abduqodirov) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining masʼul vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan ishlarning tashkil qilinishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga (Nizomiddinov), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilariga – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ijro intizomini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining amalga oshirilishida koʻmaklashish uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga (Murodov) – vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali ijro etilishi yuzasidan tegishli prokuror nazorati taʼminlanishi, shuningdek, ularni toʻliq boʻlmagan holda va kechiktirib bajargan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari koʻrilishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisiga (Ikromov) – vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tegishli darajada taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining soʻzsiz, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga (Sodiqov) – “Ijro.gov.uz” tizimi va “Jamoatfikri.uz” portalining takomillashtirilishi, uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha doimiy asosda choralar koʻrib borilishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga (Davletov)
 – normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida topshiriqlar ijrosining aniq muddatlari belgilanishi, shuningdek, ularning aniq va ravshan bayon qilinishi yuzasidan nazoratni taʼminlash uchun; 

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi, shuningdek, ularning ijro holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali toʻliq, toʻgʻri va oʻz vaqtida taqdim qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin. 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin. 

Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M.Ikromov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 




Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 5-oktyabr

Tugmani bosing Tinglash