Welcome to stat   Click to listen highlighted text! Welcome to stat Powered By GSpeech

Sayt test rejimida ishlamoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 12-oktyabr kuni qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, paxta yigʻim-terimining borishi bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi “Valixon ota” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurdi. 

Joriy yilda ob-havoning noqulay kelishi dehqonlarimizga bir qator qiyinchiliklar tugʻdirdi. Ayniqsa, bahor faslida yogʻingarchilik kam boʻlgani sababli chigit ekishda kechikishlar kuzatildi. 

Dehqonlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, gʻoʻza parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish maqsadida davlatimiz tomonidan fermerlarga barcha zarur sharoitlar yaratib, qoʻshimcha agrotexnik tadbirlar oʻtkazish uchun moddiy-resurslar zarur miqdorda va oʻz vaqtida yetkazib berildi. 

Toshkent viloyatida bu yil 75 ming 800 gektar maydonda gʻoʻza parvarish qilinib, ayni paytda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yigʻishtirib olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Fermerlarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlangani gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish va moʻl hosil yetishtirish imkonini berdi. 

Jumladan, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan laboratoriyalar tomonidan yetarli miqdorda biomahsulotlar tayyorlanib, fermer xoʻjaliklariga yetkazib berildi. Koʻsak qurti va oʻrgimchakkana kabi zararkunandalar va turli kasalliklarga qarshi kimyoviy usulda kurashish ilmiy-amaliy yondashuv asosida olib borildi. 

Tumanlarda tashkil qilingan mexanizatorlar uylarida dala mehnatkashlari uchun qulay ish va dam olish sharoiti yaratilgani gʻoʻza parvarishida gʻanimat kunlardan unumli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etdi. 

Prezidentimiz viloyatning bir guruh ilgʻor fermer xoʻjaliklari rahbarlari, qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilaribilan muloqotda boʻldi. 

Joriy yilda Boʻka tumani paxtakorlari 13 ming gektarga yaqin maydonda gʻoʻza parvarish qildi. Mahalliy iqlimga mos, serhosil gʻoʻza baravj rivojlanib, qiygʻos ochilgan. 

Uchrashuvda paxta yigʻim-terimi ishlarining borishi, takroriy ekin ekish holati, viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi. 

– Bu yilgi qurgʻoqchilik dehqonlarimiz uchun haqiqiy sinov boʻldi, – dedi Prezidentimiz. – Biz hosilni yetishtirish uchun ularga zarur sharoitlar yaratib berdik. Paxta hosilini yigʻib-terib olishda narx ikki barobar oshirildi. Jumladan, Toshkent viloyatida bir kilogramm paxta uchun 1000 soʻmdan ziyod pul toʻlanmoqda. 

Davlatimiz rahbari barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligida ham asosiy maqsad xalqimiz manfaati ekanini, qaysi mahsulot koʻproq daromad keltirsa, oʻsha ekin ekilishi zarurligini taʼkidladi. 

– Manfaatdorlik boʻlishi uchun qilingan xarajatni qoplab, foyda koʻrish kerak. Ertangi kuni bugunidan yaxshi boʻlishi uchun har bir odam oʻzi harakat qilishi lozim. Bugun kim yutadi – intilgan yutadi, mehnat qilgan yutadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

“Valixon ota” fermer xoʻjaligining 72,6 gektar yer maydoni mavjud boʻlib, 26 kishi mehnat qiladi. Joriy yilda xoʻjalik gʻalladan 222 million soʻm daromad oldi. 35,6 gektar maydonga ekilgan paxtadan 300 million soʻmdan ziyod daromad olishni rejalashtirmoqda. 

Fermer xoʻjaligida ikkilamchi ekin ekish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, gʻalladan boʻshagan maydonga kartoshka, sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekinlar ekilgan. Bu 100 million soʻmdan ortiq daromad olish imkonini beradi. 

Davlatimiz rahbari fermer xoʻjaligi dalasida sinovdan oʻtkazilayotgan zamonaviy paxta terish mashinasi bilan tanishdi. Ushbu mashina paxtani toza terishi, ish unumdorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Kam xarajat talab qiladi. 

Prezidentimiz muloqot soʻnggida sohaga innovatsion texnologiyalarni kengroq jalb etish, hosilni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan yigʻishtirib olish lozimligini qayd etdi. 

Uchrashuvda fermerlar bunday ochiq muloqotlar ularga kuch-quvvatberib, gʻayrat-shijoatini oshirishini taʼkidladi. 

 

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2018-yil 10-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi va iqtisodiy idoralar rahbarlari ishtirokida mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish holati va yil yakunlari boʻyicha kutilayotgan natijalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. 

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8-9 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi. 

Tashrifning asosiy voqealari 9-oktyabr kuni boʻlib oʻtdi. 

Parij shahridagi Shon-sharaf maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. 

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Fransiya davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul safi oldidan oʻtdi. 

Shundan soʻng davlatimiz rahbari Fransiya Respublikasi Prezidentining Yelisey saroyiga yoʻl oldi. 

Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makronning muzokarasida Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Prezidentimiz mamlakatimiz delegatsiyasiga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston ishonchli va uzoq muddatli sherik boʻlgan Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini alohida taʼkidladi. Fransiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropadagi birinchi mamlakat ekanini qayd etib, oʻn beshinchi asr boshida buyuk Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI davridan buyon davom etib kelayotgan doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch mamlakatlarimizni bogʻlab turishiga eʼtibor qaratdi. 

Emmanuel Makron davlatimiz rahbari bilan Parijda uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, Oʻzbekistonda olib borilayotgan oqilona siyosat, keng koʻlamli islohotlar nafaqat aholi farovonligini oshirish, mamlakatning yetakchi davlatlar safiga kirishi, balki Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. 

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekani qayd etildi. 

Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqa davlatlarining izchil taraqqiyotga erishishi maqsadida oʻzaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi. 

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etdilar. Mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning muhim sharti sifatida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligi yana bir bor taʼkidlandi. Bunda oldindan hech qanday shart qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri siyosiy muloqotni yoʻlga qoʻyish ushbu muammoni hal etishning birdan-bir yoʻli ekaniga eʼtibor qaratildi. 

Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani va bundan buyon muntazamlik kasb etishi lozimligi taʼkidlandi. 

Hukumatlar va vazirliklar darajasida muntazam muloqot amalga oshirilmoqda. Tashqi siyosiy idoralar oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda. Parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasi faoliyatiga ijobiy baho berildi. Oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish, iqtisodiyotning turli sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq, oʻzaro savdoda eng koʻp qulaylik yaratish tartibi oʻrnatilgan, Ikki tomonlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida konvensiya va boshqa hujjatlar imzolangan. 

Muzokaralarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi mavjud imkoniyat va salohiyatga mos emasligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “MЕDЕF” Fransiya tadbirkorlari harakati hamkorligida tashkil etilgan biznes-forumda Yevropaning ilgʻor tajribasi, bilimi va texnologiyalari asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati qariyb 600 million yevro boʻlgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi imzolandi. 

Fransiyaning “Eyrbas”, “Total”, “Vinchi”, “Orano”, “Total Eren”, “Veoliya”, “Fivs Shteyn”, “Buig”, “Ranjis” va boshqa koʻplab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi. 

Mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Uchrashuvda bunga alohida eʼtibor qaratilar ekan, madaniyat va sanʼat, turizm, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishning aniq yoʻnalishlari muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonga kelayotgan fransiyalik sayyohlar uchun vizasiz tartibjoriy etilgani va Fransiya bu borada Yevropaning birinchi mamlakati boʻlganini taʼkidladi. 

Mamlakatimizda fransuz tilini oʻrganishga qiziquvchilar koʻp. Yaqinda Toshkentda Fransuz tili va madaniyati markazi tashkil etildi. 

Iqtisodiyot, muhandislik, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha Oʻzbekistonda Fransiyaning yetakchi universitetlari filiallarini ochish borasida kelishuvlarga erishildi. 

Mamlakatimiz tarixi va madaniyati xalqaro hamjamiyatda, jumladan, Fransiya ilmiy doiralarida doimo katta qiziqish uygʻotib kelgan. Tashrif davomida yurtimiz tarixi va madaniyatini oʻrganishga munosib hissa qoʻshgan Fransiyaning taniqli adabiyot va ilm-fan namoyandalari – yozuvchi Amin Maaluf, olimlar Frederik Bopertyui-Bressand xonim va Frans Grenega Samarqand shahri faxriy fuqarosi unvoni berildi. 

Mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga ulkan qiziqishni hisobga olgan holda, 2021-yilda Luvr muzeyida Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkazish xususida kelishuvga erishildi. Ushbu tadbir jahonga mashhur muzeyda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi mamlakatlardan biriga bagʻishlab oʻtkaziladigan ilk koʻrgazma boʻladi. 

Tashrif doirasida avtomobil transportida xalqaro yoʻlovchi va yuk tashish, turizm sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitimlar, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2018-2020 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida ahdlashuv bitimi imzolandi. 

Shuningdek, 2019-2020 yillarda tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida hamkorlik dasturi, Oʻzbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Fransiya ekologiya, barqaror taraqqiyot va energetika vazirligi oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror taraqqiyot sohasida hamkorlik, ikki mamlakat ichki ishlar, madaniyat vazirliklari, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Luvr muzeyi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumikabi hukumatlararo va idoralararo jami 10 ta hujjat qabul qilindi. 

Muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlar oʻzaro almashildi. 

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari yakunida erishilgan natijalar Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga, uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanining yorqin tasdigʻi boʻldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Luvr muzeyiga tashrif buyurdi. 

Luvr – dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri, Fransiyaning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”dir. U badiiy kolleksiyasi boʻyicha jahonda birinchi, maydoni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi. Ushbu muzeyga har yili qariyb 10 million sayyoh keladi. 

Muzey binosi 1190-yilda Fransiya Qiroli Filipp-Avgust tomonidan qalʼa sifatida bunyod etilgan. Luvr soʻzi mazkur mudofaa qoʻrgʻoni nomidan olingan. U bir necha asr davomida Fransiya qirollari qarorgohi boʻlgan. Keyinchalik Versal saroyi qurilgach, 1793-yilda muzeyga aylantirilgan. 

Luvr muzeyida 300 mingdan ziyod eksponat saqlanadi. Ularning eng qadimgisi eramizdan avvalgi 7 asrga oiddir. Muzey zallarida ularning faqat 35 mingtasi namoyish etiladi. “Miloslik Venera” haykali va Xammurapi qonunlari, Leonardo da Vinchining “Jokonda” va Yan Vermeyerning “Chevar qiz” kartinalari ular orasida eng mashhurlaridir. 

Muzey eksponatlari 6 ta kolleksiyaga ajratilgan. Faqat Sharq kolleksiyasining oʻzi 24 ta zalni egallagan. U yerda bizning mamlakatimiz tarixiga ham oid minglab ashyolar bor. Jumladan, Amir Temurning Karl VI ga yozgan maktubi, Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun Sohibqiron tomonidan yasatilgan shamdon, qadimiy qurol-aslahalar, bitiklar va boshqa osori-atiqalar buyuk oʻtmishdan soʻzlaydi. 

Davlatimiz rahbari muzey eksponatlarini tomosha qildi va ular tarixi bilan qiziqdi. Bu yerda saqlanayotgan tarixiy merosimiz namunalari xalqimiz uchun nihoyatda qadrli va ahamiyatli ekanini taʼkidladi. Oʻzbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida koʻrgazmalar tashkil etish, arxeolog va tarixchi olimlarning ilmiy hamkorligini kengaytirish zarurligi qayd etildi. 

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.


 
Abu Bakr Oʻrozov,
 
OʻzA maxsus muxbiri
 
Toshkent – Parij – Toshkent

Hurmatli Emomali Sharipovich! 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

Bugungi uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va Tojikiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga anʼanaviy samimiy mehmondoʻstlik va ushbu majlisni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. 

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilish davrida tojik birodarlarimiz tuzilmamiz doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida samarali ishlarni amalga oshirganini alohida qayd etishni istardim. 

Hurmatli hamkasblar! 

Dunyoda roʻy berayotgan jadal oʻzgarishlar, tobora avj olib borayotgan global tahdid va xatarlar sharoitidaMustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilmoqda va oʻzining zarur tuzilma ekaninitasdiqlamoqda. 

Oʻtgan yil mamlakatimizning MDH doirasidagi faoliyatida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganini alohida qayd etishni muhim deb bilaman. 

Oʻzbekiston iqtisodiyot, energetika, ilm-fan va innovatsiya, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalarni qamrab olgan oʻndan ziyod tarmoq boʻyicha hamkorlikkaqoʻshildi. 

Tashkilotimizning 2020-yilda boʻladigan navbatdagi Sammitini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz. 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

Koʻp tomonlama hamkorligimizning eng dolzarb va istiqbolli yoʻnalishlari haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. 

Birinchi. Jahon iqtisodiyotidagi murakkab jarayonlar, “savdo urushlari” keskinlashib, proteksionizm kuchayib borayotgan bugungi sharoitda MDH erkin savdo zonasining toʻlaqonli faoliyat yuritishi va oʻzaro bozorlarni shakllantirish halqiluvchi masalalarga aylanishi lozim. 

Faqat yilning boshidan buyon Oʻzbekiston va Hamdoʻstlikning koʻpchilik mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada oʻsdi. 

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining yuqori darajadagi oʻsish surʼatlarini taʼminlash maqsadida bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdo sohasidagi mavjud barcha toʻsiq va cheklovlar, jumladan, texnik gʻovlarga barham berish lozim, deb hisoblaymiz. 

Hamdoʻstlik makonida xizmatlar boʻyicha erkin savdo zonasini tezroq yaratish muhim, deb hisoblaymiz. 

Ikkinchi. Oʻzbekiston mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish tarafdoridir. 

Biz bunday hamkorlikni Hamdoʻstlikning barcha mamlakatlari bilan faol rivojlantirmoqdamiz. 

Qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini shakllantirish maqsadida Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari ishtirokida Moliya-bank forumini oʻtkazishga tayyormiz. 

Uchinchi.Tariflar boʻyicha oʻzaro imtiyozlar berishga doir yagona mexanizmni joriy etgan holda, xalqaro va mintaqaviy transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish, barcha turdagi transportlar bilan yuk tashishga oid talablarni birxillashtirish va turli toʻsiqlarni bartaraf etish, logistika markazlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish muhimdir. 

Toʻrtinchi. Bizning fikrimizcha, oʻzaro mahsulot yetkazib berishda “yashil yoʻlaklar”ni keng joriy etish qishloq xoʻjaligi sohasidagi samarali hamkorlikka xizmat qiladi. 

MDHning Agrosanoat kompleksi masalalari boʻyicha kengashi va qishloq xoʻjaligi sohasidagi boshqa tuzilmalari faoliyatini faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz. 

Beshinchi. Hamdoʻstlik mamlakatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda, MDH doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha uzoq istiqbolga moʻljallangan dasturni ishlab chiqish va qabul qilishni maʼqullaymiz. 

Shu tariqa sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalari, moliya sektorida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aholi va biznes subyektlarining qulay elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirgan boʻlar edik. 

Oltinchi. Hududlararo va chegaralarga yaqin mintaqalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. 

Oʻzbekistonda 2020-yilda MDH mintaqalari forumini oʻtkazishni taklif etamiz. 

Yettinchi. Fashizm ustidan qozonilgan umumiy Gʻalabamizning 75 yilligini keng nishonlash boʻyicha birgalikda tadbirlar oʻtkazishga ustuvor eʼtibor qaratamiz. 

Bu masala 2020-yilda Oʻzbekistonning MDHga raisligi konsepsiyasida alohida aks ettiriladi. 

Sakkizinchi. Xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarga oʻz vaqtida javob qaytarish mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotining hal qiluvchi shartidir. 

Afgʻonistonda hanuz davom etayotgan qurolli mojaro Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlarning aksariyati uchun umumiy tahdid boʻlib qolmoqda. 

MDH Afgʻoniston muammosini siyosiy yoʻl bilan tezroq hal etishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda muhim rol oʻynashga qodir. 

Xalqaro terrorizm xavfining tobora ortib borayotgani jiddiy tashvish uygʻotmoqda. 

Bugungi terrorchilik tuzilmalari katta moliyaviy resurslarga, eng yangi axborot va texnika vositalariga ega, yuqori darajada harakatchan va tezkordir. 

Hozirgi paytda ularning Yaqin Sharqdan Afgʻonistonga, MDH chegaralari yaqiniga koʻchib oʻtish tendensiyasi kuchaymoqda. 

Mamlakatlarimiz terrorizm xavfini oʻz vaqtida va samarali qaytarish uchun oʻzaro kelishilgan, avvalo, oldindan zarba berishga qaratilgan harakatlarga tayyor turishi lozim. 

MDH makonida yuzaga kelayotgan xavfsizlikka qarshi tahdidlarning oʻz vaqtida oldini olish uchun tahliliy va tezkor axborot bilan muntazam almashishning amaldagi mexanizmlari doirasida samarali hamkorlikni taʼminlagan holda huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz. 

Yoshlar oʻrtasida radikallashuv muammosi eʼtiborimiz markazida boʻlib qolishi lozim. Shu munosabat bilan taʼlim-tarbiya, ilm-maʼrifat, yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi hamkorlikni kengaytirish zarur. 

Oʻzbekiston MDHga aʼzo davlatlarning Yoshlar masalalari kengashi faoliyatiga qoʻshilmoqda va uning faoliyatida faol ishtirok etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. 

Toʻqqizinchi. Madaniy-gumanitar aloqalar va maʼnaviy qadriyatlar Hamdoʻstlik mamlakatlarini hamisha birlashtirib kelayotgan kuchdir. 

Aynan shuning uchun ham biz har yili mamlakatlarimizda navbati bilan turizm yarmarkalari va MDH madaniyati kunlarini, Hamdoʻstlikning ijodkor yoshlari oʻrtasida muntazam uchrashuvlarni, ularning har birini muayyan mavzuga bagʻishlagan holda tashkil etishni, shuningdek, MDH Davlatlari madaniy merosi Virtual muzeyini yaratishni taklif etamiz. 

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari! 

Soʻzimning yakunida turkmanistonlik doʻstlarimizni Hamdoʻstlikka raislikni qabul qilgani bilan tabriklash va ularga katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz. 

Muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga samimiy qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman. 

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tugmani bosing Tinglash