navstat

 

Foydali ma'lumotlar

 

Bank.uz - O'zbekiston banklari haqida hamma narsa.

    

So'rovlar

Saytimizga baho bering ?




Sayt statistikasi

  • Sayt ko'rildi: 793688
  • Foydalanuvchilar: 3

Obuna bo'lish

Elektron pochta manzilini kiriting !

Interaktiv xizmatlar

Interaktiv xizmatlar

Toshkentda Koreya Respublikasi festivali boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan festival xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, ma’naviy yaqinlikni ifoda etdi. 

Madaniyat anjumani poytaxtimizning “Zarqaynar” majmuasida koreys milliy liboslari namoyishi bilan boshlandi. Tadbirda mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar, madaniyat va san’at ixlosmandlari, yosh ijodkorlar, dizaynerlar va rangtasvir ustalari ishtirok etdi. 

O‘zbek va koreys xalqlarining madaniyati, mentaliteti o‘xshash. Vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichikka izzat kabi fazilatlar ularga birdek xosdir. Taqdir taqozosi bilan bir paytlar yurtimizga kelib qolgan koreyslar o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib ketgan, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritayotgani, ularning 300dan ziyodi davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani buning yaqqol tasdig‘idir. Bu jihatlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. 

Janubiy koreyalik san’atkorlarning Samarqand shahrida o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ishtirok etishi an’ana tusini olgan. Yurtimiz ijodkorlari Koreya Respublikasidagi turli tanlov va san’at festivallarida ishtirok etib kelmoqda. Janubiy Koreyada O‘zbekiston san’atiga bag‘ishlangan madaniy kechalar, mamlakatimizda Janubiy Koreya madaniyat kunlari o‘tkazib kelinayotir. 

Poytaxtimizda boshlangan “Korea festival – 2017” tadbirlari bu boradagi ishlarning izchil davomidir. 

 

Modalar taqdimoti dizayner Jun Xo Kan tomonidan yaratilgan an’anaviy liboslar namoyishi bilan boshlandi. Mazkur liboslar milliy va zamonaviy andozalar uyg‘unligini o‘zida aks ettirgani bilan ajralib turdi. 

– O‘zbek xalqining o‘z milliy urf-odatlarini asrab-avaylashga e’tibori haqida eshitgan edim, – deydi Janubiy koreyalik dizayner Im Xong. – Shu bois tadbirdagi ishtirokim doirasida koreys xalqi an’analarini o‘zida jamlagan estetik mavzudagi liboslarni namoyish etishga qaror qildim. Bu tomoshabinlarga koreys xalqining tarixi va buguni, an’ana va urf-odatlari haqida ma’lumot olish imkonini beradi, o‘zbek va koreys xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilaman. 

Tinchlik va do‘stlik, inson va tabiat, o‘tmish va bugun, ezgulik, go‘zallik tarannumi sifatida yangragan koreys milliy kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. 

Festival doirasida koreys xalqining boy tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladigan rang-barang taqdimotlar, modalar namoyishi, kino kechalari, qo‘shiqchilik va raqs san’ati bayramlari tashkil etiladi. 
 

O‘zA
Bukvus
Jo‘natish uchun belgilangan matn:
Siz "Jo‘natish" tugmasi orqali xatolik haqidagi ma‘lumotni jo‘natishingiz yoki xato haqida qo‘shimcha izoh kiritishingiz mumkin.