navstat

 

 

Biz Ijtimoiy tarmoqlarda

 

Document

 

 

 

Foydali ma'lumotlar

 

Bank.uz - O'zbekiston banklari haqida hamma narsa.

    

So'rovlar

Saytimizga baho bering ?




Sayt statistikasi

  • Sayt ko'rildi: 1013170
  • Foydalanuvchilar: 3

Obuna bo'lish

Elektron pochta manzilini kiriting !

 

 

YUKLAB OLISH

Document

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

O‘zbek adabiyotining bugungi taraqqiyotida 80 yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi nufuzli ijodiy tashkilotlardan biri hisoblanadigan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining munosib o‘rni bor. Mustabid tuzum davridagi turli mafkuraviy tazyiqlarga qaramasdan ushbu ijodiy uyushma millatimizning ruhi bo‘lgan ona tilimiz, azaliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va avlodlarga bezavol yetkazish, xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini yaratish, so‘z san’atkorlarini birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh iste’dod egalarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar kabi milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyi va poliklinikasi tubdan rekonstruksiya qilindi. Uyushma qoshida “Ijod” jamoat fondi tuzildi. Poytaxtimizda Adiblar xiyoboni barpo etildi, Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino qurilib, hududlarda ulug‘ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari, madaniyat va istirohat bog‘lari bunyod qilinmoqda. Adabiyotimiz atoqli namoyandalarining yubiley sanalari munosib nishonlanmoqda, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ijodiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Yosh shoir va yozuvchilarning birinchi kitoblari davlat hisobidan ko‘p ming nusxalarda nashr etilib, ta’lim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda. 

Ayni vaqtda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning Nizomi va tarkibiy tuzilmasi bugungi shiddatli davr talablariga to‘la javob bermayapti. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan mashaqqatli ijodiy mehnatini munosib qadrlash, adabiyot va san’at sohasini har tomonlama rivojlantirish, badiiy ijod ahlining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, iste’dodli yosh ijodkorlarni tizimli asosda tarbiyalash va boshqa o‘ta muhim yo‘nalishlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan asosiy vazifalarni, jumladan, “Davlat – ma’naviyatning bosh homiysi”, degan ustuvor tamoyilni hayotga izchil joriy qilish, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish va uning ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida: 

1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda ijodiy jamoatchilikning: 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining (keyingi o‘rinlarda – Uyushma deb ataladi) jamiyatimizda milliy g‘oya, yangicha tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash; 

Uyushma a’zolarining ijtimoiy-ma’naviy faolligi va mas’uliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub o‘zgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish; 

Uyushma a’zolarining moddiy va ma’naviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama sharoit yaratib berish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash; 

Uyushmaning obro‘-e’tibori va yuksak maqomini munosib saqlash, uning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida ushbu tashkilotga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha zamonaviy va ta’sirchan mezonlarni belgilash;

katta iste’dod va yuksak grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish; 

yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun chuqur o‘ylangan, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion usullarni ishlab chiqish va joriy etish; 

dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish tizimini yaratish; 

o‘zbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish; 

mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiy asarlarini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, bu noyob merosni ma’naviyatimizning hayotbaxsh manbai va tarkibiy qismiga aylantirish haqidagi takliflari ma’qullansin. 

2. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining oliy organi – Konferensiyasining Uyushmaning tarkibiy tuzilishini qayta ko‘rib chiqish va yangi tahrirdagi Nizomini tasdiqlash, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlariga qo‘shimcha shtatlar ajratish haqidagi qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Uyushma a’zolarining moddiy va ma’naviy manfaatlarini ta’minlashni kuchaytirish maqsadida: 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Matbuot va axborot agentligi hamda Uyushma bilan birgalikda ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk shaklidan qat’i nazar, barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari to‘lashni qonuniy asosda ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqsin va ularning ijrosini qat’iy nazoratga olsin; 

kitob savdosi tizimini takomillashtirish, jumladan, Uyushma a’zolarining yangi nashr etilgan asarlari mamlakatimizning barcha hududlaridagi o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetib borishini, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari ishlab topilgan mablag‘lari, shuningdek, korxona va tashkilotlar, xo‘jalik birlashmalarining o‘z mablag‘lari hisobidan ushbu kitoblarni sotib olishini va ular bilan o‘z tasarrufidagi axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, madaniyat saroylari, ma’naviyat xonalarini ta’minlashi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqsin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3350-son qaroriga muvofiq Uyushma a’zolari uchun: 

Toshkent shahrida imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar hokimliklari 2018-2021 yillarda hududlarda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj Uyushma a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar ajratish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin. Vazirlar Mahkamasi mazkur rejalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga olsin; 

Mazkur uy-joylarni taqsimlashda qonuniylik va adolat mezonlariga qat’iy amal qilishga alohida e’tibor qaratilsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Uyushma a’zolari, jumladan, viloyatlarda yashayotgan ijodkorlarga sifatli va imtiyozli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi bir oy muddatda Uyushmaga qarashli ijod uylari va oshxonalarni arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha aniq reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin. 

7. Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Do‘rmon” ijod uyi hamda yangi bunyod etilayotgan “Parkent” va “Zomin” ijod uylaridan maqsadli va samarali foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

8. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ushbu fondning hududiy bo‘limlarini tuzish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

Amaldagi tartibga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri “Ijod” jamoat fondi Vasiylik kengashiga raislik qilishini inobatga olgan holda, fondning hududiy bo‘limlari Vasiylik kengashlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi va viloyatlar hokimlari rais, hududiy universitet va institutlar rektorlari rais o‘rinbosarlari sifatida biriktirilsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Ijod” jamoat fondi hududiy bo‘limlarining moliyaviy manbalarini aniqlasin. 

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari: 

Uyushmaning hududiy bo‘limlari faoliyatini samarali tashkil etishga ko‘maklashish; 

o‘z hududida yashayotgan Uyushma a’zolari hamda iste’dodli va istiqbolli yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

Uyushma a’zolari ishtirokida mahallalar, harbiy qismlar va ta’lim muassasalarida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida shartnoma asosida ijodiy uchrashuvlar tashkil etish ishlariga shaxsan mas’ul ekani belgilab qo‘yilsin. 

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Uyushma bilan birgalikda bir oy muddatda Uyushma hududiy bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda Uyushma huzuridagi “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan hududiy bo‘limlarni 1 ta (bitta)dan yengil xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Uyushma muassisligida nashr etiladigan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Sharq yulduzi” – “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Amudaryo” jurnallari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

Bunda ushbu nashrlarni qog‘oz bilan ta’minlash, bosmaxona xarajatlarini qoplash va ularning obunasiga ko‘maklashish uchun “Ijod” jamoat fondiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish nazarda tutilsin. 

Mamlakatimizdagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jalik birlashmalari, kompaniyalar va banklar bilan madaniyat va san’at tashkilotlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan “Do‘stlar klublari” faoliyatining ijobiy samara berayotganini inobatga olgan holda: 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi va “AKFA” MChJ; 

“Sharq yulduzi” – “Zvezda Vostoka” jurnallari va “IMZO” MChJ; 

“Jahon adabiyoti” jurnali va “Delta-Qurmah” MChJ; 

“Yoshlik” jurnali va “Universal Pasking Masters” MChJ; 

“Amudaryo” jurnali va “O‘zqurilishmateriallari” AJ o‘rtasida “Do‘stlar klublari”ni tuzish, shartnoma asosida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflar qo‘llab-quvvatlansin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Do‘stlar klublari”ni tashkil etish bo‘yicha tajribani Uyushmaning hududiy bo‘limlari uchun ham joriy etsin va bir oy muddatda bu masala bo‘yicha aniq choralar ko‘rsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi: 

Uyushmaning hududiy bo‘limlari o‘z tadbirlarini o‘tkazish uchun tegishli bino va zallarga ega emasligini inobatga olib, ularning joylardagi universitet va institutlar imkoniyatlaridan beg‘araz foydalanishini ta’minlasin; 

Uyushmaning hududlardagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ijodkor yoshlar va talabalar jamoalari bilan faol ma’naviy-ma’rifiy ish olib borish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda: 

bir oy muddatda hududlarda tashkil etilgan Ishoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomlari bilan atalgan ijod maktablarining o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin. Bunda Yozuvchilar uyushmasi o‘quv dasturlarini ilmiy va ijodiy jihatdan shakllantirish, mazkur maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish, ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va shoirlar tomonidan ijodiy seminarlar olib borishni ta’minlash bo‘yicha asosiy ijrochi va javobgar ekani belgilab qo‘yilsin. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyatini kuchaytirish, harbiy qismlar, harbiy yo‘nalishdagi bilim yurtlari, xususan, “Temurbeklar maktablari”da tizimli ravishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishga doir takliflari ma’qullansin. 

16. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Uyushma huzurida “Zulfiyaxonim qizlari” klubini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullansin. 

“Zulfiyaxonim qizlari” klubi a’zolarining O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining taklifiga asosan Toshkent shahriga klub mashg‘ulotlariga har chorakda bir marta kelib-ketishi bilan bog‘liq xarajatlar “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin. 

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullansin. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yilning 1 avgustiga qadar Oliy adabiyot kursi mutaxassisliklari bo‘yicha tegishli malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin. 

18. Belgilab qo‘yilsinki, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Oliy adabiyot kursiga bakalavr darajasiga ega bo‘lgan va adabiyot sohasida o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishilgan holda, Oliy adabiyot kursiga yillik qabul kvotalarini (40 foizi byudjet va 60 foizi to‘lov-kontrakt bo‘yicha) belgilangan tartibda shakllantirsin. 

19. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda Adiblar xiyobonida muntazam ma’naviyat darslari, kitob mutolaasi soatlari, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish, ushbu hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosida atoqli ijodkorlarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar uyushtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish tavsiya etilsin. 

20. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining: 

iste’dodli ijodkorlarga “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini shakllantirish; 

badiiy asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish maqsadida milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzish; 

komissiya tomonidan saralangan asarlarni “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan xorijiy tillarga yuqori sifat bilan tarjima qilish va chet ellarda nashr ettirish; 

badiiy adabiyot bo‘yicha yosh tarjimonlarni tayyorlash, faoliyat ko‘rsatayotgan tarjimonlarning professional malakasi va mahoratini oshirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 

respublika bo‘yicha “Kitob aksiyasi” tadbirlarini muntazam yo‘lga qo‘ygan holda, mahalla va maktablar, Mehribonlik uylariga “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop etilgan kitoblarni bepul yetkazib berish haqidagi takliflari ma’qullansin. 

21. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Internet tarmog‘i orqali milliy adabiyotimizni keng targ‘ib etish choralarini ko‘rsin. 

22. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda audiokitoblar ishlab chiqarish va ularni tarqatish, shuningdek, o‘zbek adabiyoti targ‘ibotiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tizimli ravishda e’lon qilib borish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin. 

23. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                         Sh.Mirziyoyev 

Toshkent shahri, 2018-yil 5-aprel 

 

 

uza.uz
Bukvus
Jo‘natish uchun belgilangan matn:
Siz "Jo‘natish" tugmasi orqali xatolik haqidagi ma‘lumotni jo‘natishingiz yoki xato haqida qo‘shimcha izoh kiritishingiz mumkin.